Fransua Andre Danikan Filidor

Fransua Andre Danikan Filidor

Fransua Andre Danikan Filidor

Olti yashar Fransua Andre Danikan Filidor (1726 yil 7 sentyabrda Parij yaqinidagi Dre shaxrida tug’ilgan) qirol ibodatxonasi xorida ashula aytardi. U o’z vazifasiga uning yoshidagi bola qodir bo’lgan darajada butkul jiddiylik bilan qarardi. U muzikachilarning bir necha avlodini yetishtirib bergan oilaviy an’anani davom ettirishi kerak, degan qarorga kelgan ota-onasining rejalarini bilardi, bolaning musiqiy oxanglarni ilg’ash qobilyati ham g’oyatda joyida edi-da. Xorda qattiq intizom hukm surardi. Hech qanaqa o’yin yo’q, faqatgina repetitsiyalar orasidagi tanaffus paytlarida shaxmatga ruxsat etliardi: bolakayning esa dastlabki paytlarda bunga unchalik ishqi yo’q edi.

Biroq sekin-asta shaxmat Filidorni domiga torta boshladi. Endi u shaxmat suradigan paytlarni poylaydigan bo’lib qoldi. Taxta uzra o’ylaganlariga durustroq erishgani sari, inson xohishi bilan zafar quchuvchi, halok bo’lib so’ng tiriluvchi yog’och sipohu piyodalardan iborat bu ajib olam uni o’z og’ushiga kuchliroq tortardi. Tez fursatda tengqurlari orasida shaxmatda unga teng keladigan topilmay qoldi.

Uyida Fransuaning shaxmatdagi yutuqlariga ermakdek gap, deb qarashdi: «Yoqarkan, o’ynasa o’ynar, muzikadagi ishlari juda yaxshi ketyaptiku»… O’n bir yashar Fransuaning xor uchun yozgan psalomini qirol Lyudovik XV ning o’zi maqtaganidan keyin esa, yosh muzikachining kelajagi ta’min etilganligi ravshan bo’ldi, qoldi. Biroq taqdir boshqacha tasarruf etmoqni ixtiyor qildi. Saroy kapeylmeysteri degan bo’sh o’rinni egallash yo’lidagi keyingi barcha urinishlar muvaffaqiyat keltirmadi. Shundan so’ng Filidor kompozitsiya bilan shug’ullanishga axd qildi.

Shunday qilib jahon qariyb tasodifan yana bitta atoqli kompozitorga ega bo’ldiki, hozirda uning byusti buyuk muzikachilar qatorida Parijdagi «Gran-Opera»peshtoqini bezab turibdi. Lekin uni muzika olami tan olmasdan turib , u buyuk shaxmatchi degan shuhrat topishga ulgurgan edi.

Filidor 14 yoshidayoq kuchli o’yinchi degan nom chiqardi. To’g’ri uning «La Régence» qahvaxonasining mashhur kunda-shundalariga yetib olishiga hali ancha bor edi. Bu yerda boshqacha o’ynardilar, shuning uchun oldiniga bu yigitchaga nazar-pisand qilmay qarashdi. Lekin, ma’lumki , shaxmatchining kuchi taxta uzra sinaladi. Tez orada Filidor o’zi haqidagi fikrlarni o’zgartirishga majbur qildi. «Rejans»ning eng yaxshi o’yinchilari birin-ketin mahv etildi. Fransiyaning eng kuchli shaxmatchisi sanaluvchi Legal qolgandi, xolos.

Oldiniga chempion bilan teppa-teng holda dona surish yosh shaxmatchi uchun qiyin bo’ldi, binobarin, raqibi bitta ruxini olib qo’yib o’ynardi. Asta-sekin siylov ozaya bordi. Nihoyat o’n olti yoshli shaxmatchining teng xarif sifatida qirq yoshli tajribali Legal qarshisiga o’tirishdek uzoq kutilgan daqiqalar yetib keldi. Shogird ustozini yengdi…

Lekin shundan keyin ham Filidor muzikani o’z hayotining bosh mezoni deb bildi. U dars berar, ijod qilar va bo’sh vaqtlaridagina shaxmat o’ynardi. Shaxmatchi sifatida unga shuxrat keltirgan narsa 1745 yili bir yo’la ikki taxtada g’oyibona o’ynaganligi bo’ldi.